Internet

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 90 foizdan ortig‘i internetga ulangan smartfon va planshetlardan foydalanadi. Ota-onalar farzandi internetda onlayn tahdidlarga uchrashidan xavotir olishsada, ularni bundan mahrum qilishni noto‘g‘ri ish deb hisoblashadi.

Mobil qurilmalar, smartfon, planshet, elektron kitob, aqlli soatlar va boshqa ko‘plab qurilmalar zamonaviy gadjetlar deb ataladi. Bu gadjetlar yuqori tezlikda internetga ulanish, musiqa tinglash, video ko‘rish kabi ko‘p funksiyalarni o‘z ichiga oladi. Ular yordamida biz aloqa qilish, xabar almashish, ish bilan  shug‘ullanish va ko‘p narsalarni amalga oshirishimiz mumkin.

Ammo bugungi kunda ko‘pchilikda, ayniqsa yoshlar va bolalarni internetga qaramligi tashvishli muammoga aylandi. Internetga qaramlik bu odamning onlayn faoliyat bilan haddan tashqari band bo‘lgan va bu faoliyatni nazorat qila olmaydigan holatdir.

Bunday salbiy oqibatlarning oldini olish maqsadida biz ota-onalar bolalarga internetdan samarali foydalanishni o‘rgatishimiz, oilada ochiq muloqotni  o‘rnatishimiz va ular bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishimiz lozim.

Bugungi kunda internet foydalanuvchilari sonining aksariyatini yoshlar tashkil etgani,uning katta qismi maktab o‘quvchilari hissasiga to‘g‘ri kelayotgani kishini o‘ylantiradi. Agar ta’lim muassasalarida o‘quvchi  yoshlarga smartfondan oqilona foydalanish bo‘yicha to‘g‘ri maslahat berib borilmasa, ertaga kech bo‘lishi mumkin.

Xo‘sh, ushbu holatlarning oldini olish uchun nima qilmoq kerak? Nega bugun yoshlar ko‘p vaqtini kompyuter xonalarida o‘tkazmoqda? Mening fikrimcha, eng avvalo, maktab ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni internetdan foydalanish madaniyatini shakllantirish kerak. Zero, bugun  umumta’lim maktablarida, dars jarayonida mobil telefonlardan foydalanishni  yeklashga qaratilgan qonun loyihasini ishlab chiqish vaqti keldi, nazarimda.

Shu bilan birga, bolalarga virtual olamni real kabi jiddiy qabul qilishga o‘rgatishimiz kerak. Yo‘qsa u uy ichida o‘tirib ham onlayn tahdidlarga uchrashi  mumkin. Buni faqatgina bolalar kiradigan kontentni filtrlash, ilovalardan foydalanishlarini nazorat qilish, onlayn   makondagi tahdidlardan ogohlantiruvchi xavfsizlik tizimi orqali qilsa bo‘ladi.

Umuman olganda, bugun o‘qituvchilar va jamiyatning boshqa a’zolari yoshlarni turli gadjetlardan, internetdan foydalanishlarini nazoratga olishi va ularda  sog‘lom odatlarni rivojlantirish uchun hamjihatlikda harakat qilmog‘i zarur.

Toki, yosh avlodimiz ongini bo‘sh va axloqsiz g‘oyalar egallamasin. Ular o‘z vatanini, elini ongli sevsin.

“Yuksalish harakati” 
Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi 
bosh mutaxassisi N.Solayev


Постни тарқатинг: Email Facebook Google LinkedIn Twitter VK VK

Оммавий сўровнома


Сайт Бўлимлари