Aholi bandligi masalasiga ro‘yxatga olish dasturida alohida e’tibor qaratilgan
Aholi bandligi masalasiga ro‘yxatga olish dasturida alohida e’tibor qaratilgan
Ko‘pchilik insonlar aholini ro‘yxatga olish amaliyotini statistik ma’lumotlar to‘plash tadbirlarining bir ko‘rinishi, deb tushunadi. Ammo bu shunchaki statistika emas, balki mamlakat aholisining ma’lum bir vaqtdagi fotosuratini ko‘rish imkoniyatini beradigan yirik miqyosdagi tadbir hisoblanadi.
Aholini ro‘yxatga olish, avvalo, davlat yoki hukumat emas, balki jamiyatning o‘zi uchun zarur bo‘lib, u vaqti-vaqti bilan o‘z-o‘zini ko‘zguda ko‘rish orqali rivojlanish natijalarini baholash imkoniyatidir. Ro‘yxatga olishda qatnashayotgan har bir fuqaro o‘zi haqidagi ma’lumotlarni taqdim eta turib, o‘zlari mansub bo‘lgan kishilar guruhiga tegishli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Ro‘yxatga olish dasturining aholi bandligi bo‘yicha savollaridagi ma’lumotlar orqali respublikamizdagi umumiy holatdagi ish bilan ta’minlanganlik darajasiga aniqlik kiritiladi.
Bunda rasmiy ishsizlar, o‘z-o‘zini band qilganlar, qo‘shimcha daromad manbaiga ega bo‘lgan ishlovchilar va hokazolar haqidagi ma’lumotlar tahlil qilinadi. Ishsizlarning so‘rovnomadagi javoblari mehnat bozorini o‘rganish va aynan kerakli joyda yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini bersa, bolalar soni to‘g‘risidagi ma’lumotlar maktab, maktabgacha ta’lim muassasalari va shu kabi muassasalar qurilishi rejalarini tuzishda qo‘l keladi.
Yosh haqidagi ma’lumotlar nafaqadagi fuqarolar soni, nafaqa yoshida ishlab yurganlar soni, pensiyaga chiqadiganlar soni ularning pensiya to‘lovlari uchun zarur bo‘ladigan mablag‘larni jamg‘arib borish imkonini beradi.
Qo'shko'pir tumani Statistika bo'limi