Aholini ro‘yxatga olish qanday usulda amalga oshiriladi
Aholini ro‘yxatga olish qanday usulda amalga oshiriladi
Mamlakatimiz aholisini ro‘yxatga olish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi 710-sonli qaroriga asosan 2023- yilning noyabr oyida o‘tkazilishi belgilangan bo‘lsadа, bugungi kunda ushbu jarayonga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Tadbirga tayyorgarlikning puxta va keng qamrovli olib borilayotganidan ham uning ahamiyati va dolzarbligini anglash mumkin.
Tadbirni o‘tkazishda ma’lum bir usulni belgilab olish har bir mamlakatning o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib amalga oshirilishi jahon amaliyotidan ma’lum. Aynan aniq bir usulning to‘g‘ri tanlanishi esa muhim ahamiyatga ega.
BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan aholini ro‘yxatga olishning an’anaviy, idoraviy ma’lumotlardan foydalanish hamda aralash usullari tavsiya qilinadi. Yuqorida keltirilgan qaror bilan belgilangan Shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish tartibiga ko‘ra, mamlakatimizda ro‘yxatga olish ishlarini ikki xil usulda —qog‘oz shakli hamda internet tarmog‘i orqali amalga oshirish nazarda tutilgan. Ro‘yxatga olishning an’anaviy usuli, asosan respondent bilan bevosita bog‘lanib so‘rovnoma (elektron yoki qog‘oz shaklda) to‘ldirish orqali amalga oshiriladi. Mazkur ro‘yxatga olish so‘rovnomasi yilma-yil yangilanib boriladi. An’anaviy usul ish hajmi hamda xarajatlar miqdorining ko‘pligi, ko‘p ishchi kuchi, yuqori malakali ro‘yxatga oluvchilarni talab etilishi bilan xarakterlansa-da, aniq bir davrga taalluqli bo‘lgan aholi to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar shakllantirish, hududlar va kategoriyalar bo‘yicha zarur bo‘lgan barcha axborot bazasini yaratish imkonini beradi. Ushbu birinchi usulda ro‘yxatga oluvchi xodimlar uyma-uy yurib so‘rov o‘tkazadi va savollardan iborat varaqani respondentlarning so‘zlari asosida to‘ldiradi.
Ikkinchi usulda respondentlarga qulaylik yaratish maqsadida internet jahon axborot tarmog‘i orqali ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati yaratiladi. Bunda so‘rovnomalar aholining o‘zi tomonidan maxsus dastur orqali to‘ldirilib, belgilangan elektron manzilga jo‘natiladi.
Xorazm viloyati statistika boshqarmasi axborot xizmati