Aziz yurtdoshlar, hurmatli tumanimiz ahli!
Avvalo, barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Konstitutsiya – davlatning asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi.
Yangi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega Bosh qomusimizga kiritilgan qo‘shimcha va o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati, Konstitutsiyaviy huquq xalqimizni turmush tarzini yanada yaxshilashi, inson qadrini yuksaltirishga xizmat qilishi bilan birga, ijtimoiy davlat tamoyiliga oid ayrim normalarning yanada mustahkamlangani, xususan, sifatli ta’lim, tibbiy xizmatlar ko‘lami, yoshlar, ayollarimizga g‘amho‘rlik, ishsizlikdan himoyalanish, sud-huquq amaliyotlarini kengaytirilgani, xususiy mulkga egalik kabi bir qator qoidalarni yanada takomillashganligini ko‘rish mumkin.
Yangilangan Konistitusiyamiz insonlarga munosib hayot sharoiti yaratish uchun barqaror iqtisodiyot, xavfsiz davlat, samarali boshqaruv hamda ijtimoiy kafolatlarini o‘zida jamladi.
Uning birinchi moddasida O‘zbekiston — boshqaruvining respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb ko‘rsatilgan. Bu jumlaga ijtimoiy so‘zining qo‘shilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad – nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ijtimoiy hayotning barcha sohalarida himoya qilish, ularning muammolariga keng jamoatchilik e’tiborini jalb etishdan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 1 iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tumanda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi tashkil etildi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi hozirgi kunda 12 toifadagi aholiga 98 ta ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatib kelmoqda. Eng etiborlisi, aholimiz va kelajak avlod uchun ekologik toza hududni saqlab qolish konstitutsiyamizda qat’iy belgilab qo‘yildi.
Ushbu ekologiya yo‘nalishi bo‘yicha “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bizning tumanimizda ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tasdiqlangan manzilli dasturlarga muvofiq, tumanda jami 6,8 gektar hududlarda “Yashil belbog‘lar” tashkil etildi hamda 2024 yil bahor mavsumida jami 850,0 ming. tup, kuz mavsumida 460,0 ming.tup manzarali, mevali daraxt-buta ko‘chatlarini ekish belgilandi hamda reja 100 %ga bajarildi. Ko‘chat ekish tadbirlari tumanimizning har bir hududida davom etadi.
Shu bilan birga, o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilish majburiyati bosh komusimizda belgilab qo‘yilishi, jamiyatimizda ta’limga bo‘lgan e’tiborning beqiyos namunasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Yana bir muhim yangilik – davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi konstitutsiya bilan mustahkamlandi. Qonunimizning birinchi bo‘limi, birinchi bobi 2-moddasi “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”- deb belgilab qo‘yilgan. Bu qoidalar ro‘yobi sifatida keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qiladi” tamoyili jamiyat hayotida ustuvorlik kasb etmoqda.
Shuningdek, Konstitutsiya bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega bo‘lish, ta’lim olish, mehnat qilish, so‘z hamdae’tiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga ko‘tardi. Tumanimizda ham asosiy Qonunimiz belgilab bergan kafolatlardan foydalanib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, erkinlikda ijod, yohud ishlab chiqarish bilan shug‘ullanayotganlar, o‘z imkoniyatlarini namoyish qilayotganlar juda ko‘p. Ta’lim olayotganlar uchun yoki sog‘ligini tiklashni xohlaganlar uchun sharoitlar yaratilganligi tufayli kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladigan institusional, qonuniy va tashkiliy o‘zgarishlarga guvoh bo‘lyapmiz. Shular qatorida, yangilangan konstitutsiyada aholi kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishi, aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirildi. Bu o‘z navbatida aholi sog‘ligini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda juda muhim ahamiyatga egadir.
Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qat’iy talab sifatida belgilanganki, bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab faoliyat ko‘rsatishiga asos bo‘ladi. Bosh qomusimizning har bir moddasi biz uchun dasturilamalga, hayotimiz qoidasiga aylanishi zarur deb bilaman. Muhtasar qilib aytganda, fuqarolarimiz qonunlarni buzishdan ko‘ra, ularga amal qilishdan manfaatdor bo‘lishlari lozim.
Yana bir bor barchangizni eng saodatli kun Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 32 yillik bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin.