BOLAJONLAR UCHUN QUVONCHLI VOQEA BO‘LDI
Bugun Bog‘zor mahallasi bolajonlari uchun eng quvonchli kunlardan biri desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, mahalladagi yakka tartibdagi tadbirkor “PIRMATOVA KUMUSH OTABOEVNA”ga qarashli Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti foydalanishga topshirilishi nafaqat bolajonlar, balki, ularning ota-onalarini ham birdek quvontirdi.
-Farzandining xursandchiligiga sherik bo‘lmaydigan ota-ona bo‘lmasa kerak,-deydi ota-onalardan Hamida Ernafasova.- Bolam tarbiya maskanining ochilishini eshitib, erta tongdan bog‘chaga yo‘l oldi. U yerda yaratilgan sharoitlar, mashg‘ulotlar, ayniqsa, boshqa bolalar bilan do‘stlashib olishi unga a'lo kayfiyat bag‘ishladi.
Endi o‘sha hududlardagi bolalar uzoq masofada joylashgan MTTga qatnab sarson bo‘lishmaydi. Ular o‘zlariga yaqin joydagi uy sharoitida tashkil etilgan xususiy bog‘chaga borishadi.
Oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti 14 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, 3 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan. Tarbiyalanuvchilarning ovqatlanish va dam olishlari uchun yaxshi sharoitlar taxt qilingan.
Bugun ushbu ta'lim-tarbiya maskanini ochilish tadbirida tuman hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Sayyora Xudayberganova, Bog‘zor MFY hokim yordamchisi Sarvarbek Rustamov hamda faxriy nuroniylar, faollar ishtirok etdilar. Bog‘chadagi sharoitlar bilan tanishar ekanlar, qo‘llarini duoga ochib, yurtimiz uchun kerakli, komil inson bo‘lib yetishishlarini tiladilar.
-Bu ish faoliyatimni yanada kengaytirish niyatim bor,-deydi tadbirkor Kumush Pirmatova.- Kelajagimiz egalarini ma'nan va jismonan barkamol inson qilib tarbiyalashda bor kuch-g‘ayratimni ayamayman. Zero, bugungi kunda ishlayman deganga imkoniyat bor, sharoitlar yetarli. Oldimda maqsadim katta, bog‘chani yanada kengaytirish niyatidaman.
Hozirgi kunda zamon talabidan kelib chiqqan holda uy sharoitida xususiy bog‘chalar ochishga keng imkoniyatlar yaratilyapti. Tashabbuskor fuqarolar va tadbirkorlarning nodavlat oilaviy MTT ochish rejasi qo‘llab-quvvatlanyapti.
QO‘SHKO‘PIR TUMANI HOKIMLIGI AXBOROT XIZMATI