Bugunning gapi: islohot va mas’uliyat.
Bugungi kunda mamlakatimizda qator islohotlar jadallik bilan amalga oshirilmoqda. Ularning bari mamlakat taraqqiyoti, insonlar farovonligini oshirishga xizmat qiladi. Xo‘sh, aslida islohot deganda nimani tushunamiz? Avvalo ushbu savolga javob berib o‘tishni lozim deb bildik. Ushbu so‘z ijtimoiy hayotning biron-bir tomoni (tartiblar, idoralar, muassasalar)ni o‘zgartirish, qaytadan tuzishni anglatadi. U rasman — har qanday mazmundagi yangilikni joriy etish hisoblansada, aslida koʻp yoki oz darajadagi ilg‘or qayta o‘zgartirish nazarda tutiladi. Islohotlar turli mamlakatlarda ularning geografik joylashishi, iqlimi, iqtisodiy, intellektual salohiyati, ma’naviyati, madaniyati, milliy xususiyatlari va boshqa o‘ziga xos omillardan kelib chiqqan holda amalga oshiriladi.
Barchamizga yaxshi ma’lumki, mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan so‘ng qator sohalar isloh qilindi. Ular o‘sha davr uchun, ya’ni o‘tish davri uchun zarur bo‘lgan islohotlar edi. Tadbirkorlikni, xususiy mulkni qo‘llab-quvvatlash, fermerlikni rivojlantirish, agrar va ta’lim, tibbiyot sohasidagi islohotlarni misol tariqasida keltirishimiz mumkin. Ular ozmi, ko‘pmi mamlakat mustaqilligini mustahkamlashga, o‘tish davridagi qiyinchiliklarni yengillashtirishga hissa bo‘lib qo‘shildi. Bugungi kunda, ayniqsa so‘ngi 7-8 yil ichida ilgari surilayotgan qator yangiliklar, o‘zgartirishlar esa vatan taraqqiyotini jadallashtirish, xalqni rozi qilish, insonlarning turmush darajasini yuksaltirish, mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishga qaratilgan.
O‘zimizga xos bo‘lgan rivojlanishning muhim omili mahalla institutini yanada takomillashtirish borasida ilgari surilgan islohotlardan xalqimiz yaxshi xabardordir. Mahalla yettiligi joriy qilinib, mahallalar uyushmalari ish boshladi. Kambag‘allikni qisqartirish, ishsizlikni tugatish, ayollarni ijtimoiy himoya qilish maqsadida qabul qilingan me’yoriy hujjatlar ham tamomila yangilik va o‘zgartirishlardan biri, xolisona aytganda muhim islohotlardan sanaladi.
Mahalla yettiligi tarkibida faoliyat yuritayotgan ayollar faollari xonadonma-xonadon kirib borib, yordamga muhtoj, bandligi ta’minlanmagan, muammoli vaziyatlarga tushgan ayollarni aniqlab, “Ayollar daftari”ga kiritgan holda manzilli tarzda yordam ko‘rsatdilar va bu ishlar hanuz davom etmoqda.
Joriy yil 1-iyulgacha “Ayollar daftari”ga kiritilgan 5521 nafar ayolga moddiy, tibbiy, psixologik va huquqiy yordamlar ko‘rsatilganligini misol tariqasida keltirib o‘tish joiz. Ayollardan 3617 nafari ish bilan ta’minlandi. O‘quv markazlari tomonidan bepul tarzda o‘rgatilayotgan hunarlarni egallagan ayollarga sertifikatlar berildi va ular egallagan kasb hunarlari asosida o‘z biznesini yo‘lga qo‘ydilar. Ushbu markazlarni jami 186 nafar ayol tugallab, 186 nafarining bandligi ta’minlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-iyundagi “Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 402-son Qarori asosida 171 nafar ehtiyojmand oilalardagi ayollarga oliy ta’limga kirishlari uchun tavsiyanomalar berildi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, islohotlar har bir sohada bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Islohotlarni uzviyligini ta’minlash, ularni jamiyat hayotiga tatbiq qilishda turli darajadagi rahbarlarning o‘rni kattadir va zimmalariga yuklangan mas’uliyat yuki esa yanada mashaqqatli hamda sharaflidir. Davlatimiz tomonidan yangilanish, o‘zgartirishlar ilgari surilar, bu borada me’yoriy hujjatlar qabul qilinar ekan, ularning ijrosini ta’minlash har birimizdan katta mas’uliyat talab qiladi. Mas’uliyat bilan ishga yondashilgan joyda o‘sish, o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bu esa albatta mamlakatimiz ravnaqiga hissa bo‘lib qo‘shiladi va islohotlarni amalga oshuvini ta’minlaydi.
Sayyora Xudayberganova
Qo‘shko‘pir tumani hokimi o‘rinbosari,
Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i