Eng havfli illat
Korrupsiya va poraxo‘rlik nafaqat jamiyat a’zolarini, balki butun mamlakatning tanazzulga yuz tutishiga zamin yaratadigan illatlardan biridir. Korrupsiya balosi ohirgi davrda jahonning aksariyat davlatlarida dolzarb muammolardan biriga aylanmoqda. Korrupsiya so‘zining ma’nosi ham “buzish, sotib olish” degan ma’noni anglatadi. Prezidentimiz davlat rahbari sifatida ish boshlaganda dastlabki imzo chekkan hujjatlardan biri bu “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunidir. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, mustaqil diyorimizda bu kabi salbiy illatlarga barham berish, haqiqatni qaror topishiga zamin yaratishdan iboratdir. Mazkur qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2016-yil 24-noyabr kuni qabul qilingan bo‘lib, Senat tomonidan 2016-yil 13-dekabrda ma’qullangan. Prezidentimiz tomonidan bu qonun 2017-yil 3-yanvarda imzolangan. Ushbu qonunning 4-moddasida korrupsiyaga qarshi kurashishning asosıy tamoyillari haqida so‘z boradi.
Yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, har qanday turdagi jinoyatlarning oldini olish borasida tizimli chora-tadbirlar muntazam ravishda amalga oshirib borilmoqda. Shuni alohida ta’kidlash joizki, qonunning asosiy maqsadi, davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida korrupsiya omillarini keltirib chiqarayotgan tizimli muammolarni bartaraf etishga qaratilgan. Bunday jınoyatni sodir etgan kimsalarga nisbatan davlat tomonidan qilmishiga yarasha jazo choralari qo‘llanilib kelinmoqda.
Biz poraxo‘rlik jarayonlarini kuzatganimizda shu hololat ko‘zga tashlanadiki, kun tartibidagi masalani qonuniy va odilona tarzda emas, balki turli qing‘ir yo‘llar bilan yechgan holda ta’magirlik qila boshlash mansabdor shaxs ruhiyatida tanazzulga yuz tutish singari qabih yo‘lga burilib ketish holati kuzatila boshlaganligidan dalolat beradi. O‘zgalarning huquqini poymol qilgan holda osonlikcha manfaat ko‘rish yo‘liga kirgan mansabdorning bu yo‘ldan qaytishi qiyin bo‘ladi. Shuning uchun dono xalqimizda “O‘rgangan ko‘ngil o‘rtansa qo‘ymas” yoki “O‘rgangan qiliq o‘lganda qolar”, degan maqollar bor. Bugun biz qonun ustuvor bo‘lgan dunyoviy davlat qurayotgan ekanmiz, birinchi navbatda qonunlarimizni barcha - jabrlanuvchi ham yaxshi bilishi va unga amal qilishi kerak. Chunki Korrupsiya holatlari, asosan qonunlarni yaxshi bilmaganlik va bilsa ham amal qilmaganlik oqibatida yuz berishi turgan gap. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, fuqarolarimizingning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish borasida ommaviy axborot vositalari muhim rol o‘ynaydi. Buning uchun faqat savodli ommaviy axborot vositalari bilan yaqindan oshno bo‘lgan insonlar o‘z harakatlarining qonuniyligini birmuncha yaxshi idrok etadilar.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Qo‘shko‘pir tuman sudining raisi F.Ismoilov