G‘ALLACHILIK-TO‘KINCHILIK MANBAYI
G‘alla ekish va parvarishlashni o‘ziga yarasha qiyinchilik va mashaqqatlari bor. Mo‘l hosil olaman desang bog‘dorchilik, dehqonchilik masalalarida kuchli bilim va albatta, tajribaga ega bo‘lish muhim hisoblanadi. Har yil belgilangan rejani oshig‘i bilan bajarayotgan fermer xo‘jaliklarimiz borki, ularning tinimsiz mehnati ortidan tumanimiz birinchilar qatoridan o‘rin egallamoqda.
Xo‘sh, g‘alla yetishtirish va parvarishlashda nimalarga e'tibor qaratish lozim?
Avvalo, g‘alla ekish mavsumi boshlanishi oldidan ekin yerlari va texnikalarni shay holatga keltirish, mineral o‘g‘it va urug‘likni ekin yeriga tayyorlash hamda ekish otryadlari ishlayotgan dalagacha yetkazib berishni ta'minlash, kuzgi boshoqli don ekinlari ekish ishlarini uyushqoqlik bilan optimal muddatlarda tizimli ravishda tashkil etish, don ekish ishlariga zamonaviy uskunalarni jalb qilish bo‘yicha vazifalarni belgilab olish kerak. Ish boshlanish oldidan qilingan mukammal reja albatta o‘zining ijobiy samarasini bermasdan qo‘ymaydi.
Kuzgi bug‘doy yetishtirishda uning parvarishi bo‘yicha barcha agrotexnika tadbirlarning o‘z vaqtida sifatli o‘tkazilishi, mo‘l va sifatli don yetishtirishda muhim asos bo‘la oladi.
Kuzgi bug‘doyda har qanday sharoitda ham fiziologik jarayon davom etadi, uning rivoji uchun energiya zarur bo‘ladi.
Bizning iqlim sharoitida 1-sentabrdan 1-oktabrgacha ochiq maydonlarda, 10-sentabrdan 1- oktabrgacha g‘o‘za qator orasiga bug‘doy ekish ishlarini yakunlash kerak.
Joriy yilda Qo‘shko‘pir tumanida 2024 yil g‘alla hosili uchun 3700 gektar maydonda kuzgi boshoqli don ekish ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, urug‘ navlarini tanlashga ham alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, ushbu mavsumda “Alekseich”, “Andijon2”, “Gurt” va “Asr” kabi yuqori sifat ko‘rsatkichli don urug‘lari ekildi.
G‘o‘za qator orasiga ekiladigan g‘alla maydoni 2458 gektarni, ochiq maydonga ekiladigan g‘alla esa 1242 gektarni tashkil qildi. Mavsumda bug‘doy ekish uchun 6 ta don seyalkalari va 75 ta kultivatorlar jalb qilindi.
Bugungi kunda g‘alla ekish ishlari 100 foiz bajarildi. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, bugunga qadar 3216 gektar g‘alla maydoni, ya'ni, 87 foizida sug‘orish ishlari bajarildi. Unub chiqqan maydon 2326 gektar, 62,9 foizni tashkil qilmoqda.
QUVAQOV BAXTIYOR,
Qo‘shko‘pir tumani Qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘ining,
Agrotexnologiya masalalari bo‘yicha o‘rinbosari