Islohot va mas’uliyat

Yangi O‘zbekiston 2017 yildan boshlab yangi islohotlar va tashabbuslarning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu davrda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlar nafaqat iqtisodiy va siyosiy sohalarda, balki ilm-fan, texnika, sog‘liqni saqlash kabi ko‘plab sohalarda sezilarli o‘zgarishlarni yuzaga keltirdi. So‘nggi yetti yil ichida mamlakatimizda amalga oshirilgan o‘zgarish va yangilanishlar nafaqat yangilangan infratuzilma, balki yurtimizning jahon miqyosidagi obro‘si va yuksalishini ham belgilab berdi. Bugungi kunda islohotlar nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham, insonlarning kundalik hayotida, ular ishlayotgan joylarida, yashayotgan muhiti va ta’lim olayotgan joylarida o‘z aksini to‘laqonli ko‘rsatmoqda.

Islohotlar so‘zi o‘zining lug‘aviy ma’nosida ijtimoiy hayotning muayyan qismlarini o‘zgartirish, yaxshilash, qayta tiklash, ya’ni jamiyatni rivojlantirish va yangilashni anglatadi. Bugungi kun islohotlari esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning asosi bo‘lib, ularning markazida aynan inson qadri, uning baxti va farovonligi yotadi. Prezidentimizning tashabbuslari mamlakatimizda har bir insonning hayotini yaxshilashga qaratilgan. Bularning barchasi jamiyatimizda ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muhitni tubdan yangilashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, xalqaro ekspertlarning fikricha, ushbu islohotlar mamlakatning xalqaro maydonda o‘z o‘rnini mustahkamlash va o‘z oldiga qo‘ygan strategik maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradigan yangi imkoniyatlarni yaratadi. O‘zbekiston endi nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda o‘zining rivojlanish yo‘li va innovatsion tashabbuslari bilan ajralib turadi.

Har bir islohot, har bir qonun va qaror nafaqat hukumat tomonidan qabul qilinayotgan me’yorlar bilan cheklanmaydi, balki ular xalqning real ehtiyojlari va farovonligi uchun amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning so‘nggi nutqi, ayniqsa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi nutqi, jamiyatda har bir rahbar va xodim uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qilganini ta’kidlash mumkin. Shavkat Miromonovich o‘z nutqida xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Ayollarning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy faoliyatdagi to‘laqonli ishtiroki bugungi kunda jamiyatimizdagi barqarorlik va demokratik taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, ularni jamiyatda faol ishtirokchi va yetakchi sifatida ko‘rsatish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Shu o‘rinda, Prezidentimizning so‘nggi yillarda olib borgan siyosati natijasida, Oliy Majlisning quyi palatasiga 57 nafar ayol deputat etib saylanganini alohida e’tirof etish lozim. Bu sohada, ayollar parlamentda o‘z o‘rnini topib, jamiyatni rivojlantirishda bevosita qatnashishga imkoniyat yaratildi. Hozirda O‘zbekiston parlamentining umumiy deputatlari sonining 38 foizini ayollar tashkil etadi, Senatda esa 26,4 foizni ayollar egallaydi. Bu, mamlakatimizda ayollarning jamiyatdagi salohiyati va o‘rni tobora ortib borayotganini, ular erkaklar bilan birgalikda islohotlar tashabbuskorlariga aylanayotganini ko‘rsatadi. Ayollarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jarayonlarda faol qatnashishi jamiyatni yanada demokratiyalashtirishga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, Qo‘shko‘pir tumanida ham islohotlar natijalari sezilarli bo‘lib bormoqda. Bugungi kunda Qo‘shko‘pir tumanida 184.2 ming nafar aholi istiqomat qilmoqda, shundan 90.375 nafari ayollardir. Tumanimizdagi ayollarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar doirasida muntazam ravishda ijtimoiy yordamlar va manzilli yordamlar ko‘rsatilmoqda. Ayniqsa, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 5521 nafar xotin-qizga davlat tomonidan ijtimoiy yordamlar taqdim etilgan. Bundan tashqari, 3654 nafar ayol bandligi ta’minlandi, 22 nafar ayolning kontrakt pullari jamg‘arma hisobidan to‘landi.

Shu bilan birga, chet elda ishlab kelgan 350 nafar ayollarimiz yurtimizga qaytib, doimiy ish bilan band qilindi. Bu islohotlar, albatta, jamiyatda ayollarning o‘rnini yanada mustahkamlash, ularning ijtimoiy va iqtisodiy hayotda to‘laqonli ishtirokini ta’minlashga qaratilgan.

Shuningdek, tumanimizdagi rahbar ayollar soni ham yildan-yilga ortib bormoqda. Bu, o‘z navbatida, erkaklar bilan teng huquqlilikni, teng imkoniyatga ega ekanligini, ayollar ham jamiyatda yetakchi pozitsiyalarda faoliyat yuritayotganini ko‘rsatadi. Bugun Qo‘shko‘pir tumanidagi rahbarlik qilayotgan xotin-qizlar erkaklar bilan teng huquqli ekanligini o‘z amaliyotida ko‘rsatmoqdalar. Bu, albatta, jamiyatimizda ayol kadrlarning salohiyatining tobora oshib borayotganini va ayollar, erkaklar bilan birgalikda islohotlarni amalga oshirishda o‘z hissalarini qo‘shayotganini ifodalaydi.

Endi biz, tumandagi rahbarlar va ijrochilar sifatida, bu islohotlarni amalga oshirishda yanada mas’uliyatni his etishimiz kerak. Har bir islohotning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi, har bir qonun va qarorning ijrosini ta’minlashda biz yuksak mas’uliyatimizni anglashimiz kerak. Bizga bildirilgan ishonch va mas’uliyat hissi bizni har bir vazifani fidokorona bajarishga, jamiyatimizdagi o‘zgarishlarni yanada yaxshilashga undaydi.

Kelgusida ham o‘z oldimizga qo‘ygan maqsad va rejalarni amalga oshirishda, islohotlarni tumandagi ijrochisi sifatida talqin etamiz va ularni har bir fuqaro uchun foydali va samarali amalga oshirishga intilamiz. Bu esa, albatta, Yangi O‘zbekistonning yanada yuksak taraqqiyotiga xizmat qiladi.

 

Sayyora Xudayberganova,

Qo‘shko‘pir tumani hokimi o‘rinbosari,

Oila va xotin-qizlar bo‘lim boshlig‘i


Постни тарқатинг: Email Facebook Google LinkedIn Twitter VK VK

Оммавий сўровнома


Сайт Бўлимлари