KАTTА FOJEАNI OLDINI OLАYLIK

         Yo‘lda ishga ketayotib tasodifan chamasi 5-6 sinflarda o‘qiydigan maktab o‘quvchisi bilan yo‘limiz bir bo‘lib qoldi. Suhbatlashib ketdik. Ko‘zimiz, aniqrog‘i, bolakayning bir do‘kon peshtoqiga ilingan yozuvlarga ko‘zi tushib, o‘qib qoldi. U yerda “Ozik ovkat” deb yozilgan. Shunda menga “Maktabda ustozim dars jarayonida “Oziq-ovqat” deb yoziladi”, - deb o‘rgatardi. Nega do‘konga bunday yozilgan? Maktabda xato o‘rgatishadimi?! Deb ajablanib qoldi. Shunda men yotig‘i bilan kelajakda o‘quvchining ana shunday xatoliklarga yo‘l qo‘ymasligi uchun maktabda a‘lo baholarga o‘qishi lozimligini tushuntirib o‘tdim.

         Dilimni xira qilgan shu narsa bo‘ldiki, maktab o‘quvchisi ikki yo‘l orasida qoldi, maktabdagi o‘rganganlaridan ko‘ra, ko‘chadagi yozuvlarga ko‘proq ishonishini sezdim, garchi xato yozilgan bo‘lsa ham.

         Eng achinarlisi shuki, hech kim parvo qilmaydigan, ko‘pchiligimiz e‘tiborga olmaydigan, ba‘zilarimiz uchun kichik, oddiygina xato bo‘lib tuyuladigan imloviy, tinish belgili, uslubiy kabi xatolar kichkina bolada katta “tasavvur” uyg‘otmoqda. Vaholangki, bu kabi do‘kon va maishiy xizmat ko‘rsatish joylarining nomlaridagi xatoliklar ertaga katta fojeani keltirib chiqarishi shubhasizdir.

         Chet tillarda, ma‘nosini bilib-bilmay xatoliklarga yo‘l qo‘ygan holda peshlavhalarni ilib qo‘yilishi, qolaversa, o‘zbek tilidagi so‘zlarning ham xatolar bilan yozilishi millatimiz sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazmaydimi?! Bu kabi ajnabiy so‘zlarni o‘qib, har kuni o‘n marotalab ko‘zi tushayotgan yoshlar ertaga qanday bilimga ega bo‘ladi?!

Bu kabi holatlar nimadan dalolat beradi, bilasizmi?

Bu – o‘sha tadbirkorlik subyektlarini o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmatsizligining, ilmsizligining, kelajakka eʼtiborsizligining belgisidir.

“Qars ikki qo‘ldan chiqadi”, -  degan gap bejizga aytilmagan.

Keling, bugunimizdan ko‘ra ertamizni ko‘proq o‘ylaylik. Chunki biz jamiyatimizning buyuk kelajaklarini kamolga yetkazishni maqsad qilganmiz. Аna shu ertamiz egalari bo‘lgan yosh avlod qalbiga maʼnaviy tubanlikka olib boruvchi urug‘larni qadamaylik. Chunki ertamizning qanday bo‘lishi bugunimizga, aniqrog‘i biz kattalarga bog‘liq.

Shu boisdan barcha shahar va tumanlarda tashkil etilgani kabi Qo‘shko‘pir tumanida ham tuman hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi tayinlangan. Ko‘chadagi yozuvlar, peshlavhalar, bannerlarni yozish va ilishdan oldin hokimning davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisiga uchrashing. Xatosiz, sermazmun, o‘zligimizni namoyon qiluvchi o‘zbek tilidagi, ya’ni, lotin yozubida yozilgan so‘zlardan foydalaning. Zero, shundagina barchamiz tilimiz, so‘zimizdagi xatoliklar bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan katta fojeani oldini olgan bo‘lamiz.

 

Nazokat MАSHАRIPOVА,


Постни тарқатинг: Email Facebook Google LinkedIn Twitter VK VK

Оммавий сўровнома


Сайт Бўлимлари