Mahalliy soliqlarning to‘lov muddatlari yaqinlashmoqda

“Mahallabay” tizimga biriktirilgan har bir soliq inspektori mahallaga tushib faoliyat yuritishi, joylardagi muammolarni bartaraf qilishda, ularning yechimini topishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda Qo‘shko‘pir tumanidagi 50 ta mahallaga 19 nafar soliq xizmati xodimlari biriktirilgan bo‘lib, ular zimmasiga norasmiy tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish, o‘zini-o‘zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o‘tishga ko‘maklashish hamda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali ularning faoliyatini kengaytirish va daromadlarini oshirish hisobiga soliq bazasini ko‘paytirish yuklatilgan. Tumanning asosiy budjet tushumlarini o‘z zimmasiga olgan 19 nafar xodim 1300 ta yuridik shaxsga, 234 ta fermer xo‘jalik, 227 ta NNT, 2133 ta YATTlarga, 20 305 ta dehqon xo‘jaliklari, 22 479 ta o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga va 34 204 ta mol mulk solig‘i hamda 33 881 ta yer solig‘i to‘lovchilarga, qolaversa, 1477 ta deklaratsiya asosida soliq to‘lovchilarga xizmat qilishadi.  
Qo‘shko‘pir tumani soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan tadbirkorlik subyektlari bilan olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida o‘tgan 2 oy davomida 123 ta korxonadagi 282 nafar norasmiy ishlovchi fuqarolar faoliyati qonuniylashtirilib, ularning ijtimoiy himoyasi ta’minlandi. 
Agar sohalar kesimida ko‘rib chiqadigan bo‘lsak, 18 ta qishloq xo‘jaligi sohasida 33 nafar, shuningdek, 105 ta xizmat ko‘rsatish korxonalarida 249 nafar fuqarolarning faoliyati rasmiylashtirildi. Qolaversa, targ‘ibot ishlari davomida xodimlarga oylik maoshlarni birlamchi hujjatlarda aks ettirmasdan naqd pul ko‘rinishida berilishi daromadni yashirishga kirishi halol biznesga to‘siq bo‘lishi tushuntirilmoqda. Ayniqsa, turli sabablar bilan faoliyati vaqtincha to‘xtab qolgan tadbirkorlik subyektlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini tiklash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ana shunday 82 ta korxonaning faoliyati tiklandi, 23 ta bo‘sh obyektlar ishga tushirildi.  
Qo‘lida hunari bor yoki uyda yakka tartibda ma’lum faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan fuqarolarimiz talaygina. Ularning o‘zini o‘zi band qilishi, ish stajiga ega bo‘lishi uchun soliq xizmati organlari tomonidan doimiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. Jumladan, mahalla yettiligi bilan birgalikda yashirin iqtisodiyotni jilovlash maqsadida tumanda 4 295 nafar fuqarolar o‘zini o‘zi band qilish tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazildi va muayyan faoliyat turlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanib kelmoqda.
Buning eng yaxshi tomoni ham shundaki bugun tadbirkorlikning dastlabki qismi o‘zini o‘zi band qilishdan boshlanadi deya ayta olaman. Sababi daromad topishga o‘rgangan fuqaro ertaga yirik tadbirkorga aylanishi extimoli juda ham katta. Bundan tashqari qo‘ni qo‘shnisidan ko‘rib boshqalar fuqarolar ham o‘zini o‘zi band qilib o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishmoqda. 
Joriy yilning o‘tgan 2 oyi davomida mahallabay tizimning ishlashi natijasida 211 mln 500 ming so‘mga yaqin qo‘shimcha manba aniqlandi. 3 mlrd 250 mln so‘m miqdoridagi jismoniy shaxslarning turar joy obyektlari bo‘yicha soliqlar undirilishi ta’minlandi. Natijada yig‘ilgan summaning 10 foizi ya’ni 325 mln so‘m miqdoridagi mablag‘lar mahalla budjetiga qoldirildi. 
- Oldingi tizimda prognoz rejasi tuman darajasida belgilangan bo‘lsa, endilikda har bir mahallaga soliq turlari kesimida belgilab olingan. Soliq inspektorlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ularning ish faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida 25 ta yo‘nalishdagi asosiy vazifalari belgilab olingan hamda samaradorlik ko‘rsatkichiga qarab baholab borilmoqda. Menga biriktirilgan mahallalarda “O‘zbekiston”, “Zarbdor” va “Shixmashxad” mahallalarida 60 ta yuridik shaxs, 17 ta fermer xo‘jaliklari va 118 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar, 1265 ta dehqon xo‘jaliklari mavjud. Qolaversa, mahallalardagi aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar, dehqon xo‘jaliklari, o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolarning faoliyatini soliq bazasida shakllantirib, ular bilan yaqindan muloqot o‘rnatdim. Shuningdek, 1741 ta mol-mulk va 1787 ta yer solig‘i hamda 76 ta deklaratsiya asosida soliq to‘lovchilarga ko‘mak berilishi evaziga, ularning faoliyatida keskin o‘zgarishlar bo‘ldi. 
O‘tgan 2 oy davomida tadbirkorlarning aylanma mablag‘lari ortishi evaziga mahallada qo‘shimcha 700 ming so‘m aylanmadan olinadigan soliq hisoblandi. Noqonuniy faoliyat yuritib kelayotgan 8 ta tadbirkorlik subyektning yangidan ro‘yxatdan o‘tkazilishiga va moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan 1 ta tadbirkorga ko‘mak berildi. Mahallarimda ishchilar soni va ish haqining oshgani hisobiga 13 ta korxonada 18 nafar norasmiy ishlayotgan ishchi xodimning ijtimoiy himoyasi ta’minlandi. Natijada budjetimizga 4 mlndan so‘mdan ortiq qo‘shimcha daromad solig‘i hisoblandi. Soliq inspektorining mahalla yettiligi bilan ishlashi natijasida, yanvar-fevral oylarida 4 mln 800 ming so‘m miqdorida qo‘shimcha manba aniqlandi. Eng asosiysi mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasining manbalari sifatida mol-mulk va yer solig‘ining 10 foizi hamda bo‘sh turgan ko‘chmas mulkni sotish va binolar ijarasi hisobidan 165 mln 600 ming so‘m miqdorida tushum aniqlandi va 16 mln 600 ming so‘m miqdori mahalla budjeti sifatida shakllandi.
Xabaringiz bor, 2024 dekabr oyida joriy yilning budjet parametrlariga ko‘ra, Xorazm viloyati bo‘yicha mol-mulk va yer solig‘i stavkalari xalq deputatlari kengashlari tomonidan oshiruvchi va kamaytiruvchi kaeffitsiyentlarni qo‘llagan holda soliq stavkalari belgilandi. Dastlab viloyat kengashlari tomonidan belgilangan bo‘lsa, tuman xalq deputatlari kengashlari tomonidan Qo‘shko‘pir tumanidagi har bir mahalla iqtisodiy ko‘rsatkichidan kelib chiqqan holda mol-mulk va yer solig‘i stavkalarini belgilab berishdi. Unga ko‘ra, 2025-yilda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun yuridik va jismoniy shaxslarning yer solig‘i stavkalari belgilandi. Bunda yuridik shaxslar uchun mol-mulk solig‘ini hisoblashda ko‘chmas mulklarning 1 kv.metr uchun belgilanadigan minimal miqdorlar, jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i stavkalari bo‘yicha esa eng kam va eng yuqori stavkalari doirasida hududlar kesimida o‘zgartirishlar kiritildi. Soliq stavkalarni belgilashda albatta mahallaning iqtisodiy ko‘rsatkichi inobatga olingan.  
Ko‘rsatkichlarning barchasi soliq tizimda samarali ish tashkil etilganidan, qolaversa, soliq ma’murchilining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani hisobiga amalga oshirilmoqda. Soliq tizimining raqamlashishi ham xodimlarga qulaylik yaratmoqda. Tezkorlik va shaffoflik, qolaversa o‘z muddatida nazoratga olish qator afzalliklardan biri hisoblanadi. Shunday ekan bugun samarali mehnat qilgan har bir soliq xodimi munosib rag‘batlantirilmoqda.    

Xusniddin Matrasulov,
Qo‘shko‘pir tumani “O‘zbekiston”, “Zarbdor” va “Shixmashxad” mahallalari soliq inspektori


Постни тарқатинг: Email Facebook Google LinkedIn Twitter VK VK

Оммавий сўровнома


Сайт Бўлимлари