Qadrli qishloq xo‘jaligi xodimlari! Hurmatli dehqon va fermerlar, soha faxriylari!
Qadrli qishloq xo‘jaligi xodimlari!
Hurmatli dehqon va fermerlar, soha faxriylari!
Avvalo, bugungi ayyom – qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan sizlarni, sizlarning timsolingizda sohada halol mehnat qilib kelayotgan barcha eldoshlarimizni chin qalbimdan tabriklab, eng ezgu tilaklarimni bildiraman!
Barchamizga ma’lum, qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotning eng qadimiy, shu bilan birga hech qachon o‘z o‘rni va ahamiyatini yo‘qotmaydigan, muhim strategik va mehnati juda og‘ir bo‘lgan tarmog‘i hisoblanadi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish, tumanning eksport salohiyatini yuksaltirishda mazkur soha yetakchi o‘rin tutadi. Ana shunday zalvorli yukni o‘z yelkasiga olib, el-yurt dasturxoni to‘kinligi yo‘lida astoydil mehnat qilib kelayotgan Siz – soha vakillari matonatini har qancha e’tirof qilsak oz.
Bugungi shodiyona kunda sohada joriy yilda erishilgan natijalar haqida to‘xtalishimiz o‘rinli albatta. Bu yil tumanimiz qishloq xo‘jaligi sohasi muvaffaqiyatli yakunlanmoqda. Albatta, bu yutuqlar zamirida soha xodimlarining yil o‘n ikki oy davom etgan zahmatli mehnatlari, izlanishlari yotibdi.
Dehqon va fermerlarimiz yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, ko‘p yillik tajribalariga tayangan holda qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil yetishtirdilar.
Bu yil tumanimiz bo‘yicha 40 ming tonna paxta, 43 ming tonna don, 287 tonna pilla, 78 ming tonnadan ortiq meva, sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirilgani dehqonlarimizning yil bo‘yi qilingan mashaqqatli mehnatlari samarasidir.
Bugun soha ilg‘orlari haqida so‘z borar ekan, paxtachilikning har gektaridan 50 sentnerdan hosil olgan tumandagi “Muattar”, “Abduraxmon Yusupboy”, “Matyaqub boyjon”, “Sayilxon”, “Xayrobod, Obod”, “Bunyod Shavkatov”, “Qo‘zi Yusuf kassir” kabi fermer xo‘jaliklarining nomlarini faxr bilan tilga olamiz.
Agrar sohaning yana bir muhim tarmog‘i – g‘allachilikda olib borilayotgan islohotlar natijasida joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan 50 ming tonna ko‘p g‘alla yetishtirildi. O‘rtacha hosildorlik o‘tgan yil 70 sentnerni tashkil etgan bo‘lsa, bu yil 90 sentnerga yetdi.
Bunday ulkan xirmonni yaratishga salmoqli hissa qo‘shgan tumandagi “Sayilxon”, “Saidmuxammad Temur”, “Nurullo”, “Xamrox”, “Xonobod Oltin tola” “Maqsad O‘rtayopli” kabi fermer xo‘jaliklari barchaga namuna bo‘ldilar.
Hurmatli soha vakillari!
Joriy yilda tumanimizda 25 gektar maydonda yangi bog‘ va tokzorlar tashkil qilindi, 450 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari “Ye-auksion” tizimi orqali dehqonchilik qilish uchun aholiga uzoq muddatga ijaraga berildi. Natijada meva, sabzavot va poliz mahsulotlari yalpi hosili sezilarli darajada oshdi, ichki bozor ehtiyojini qondirish bilan bir qatorda, eksport imkoniyatlari kengaydi.
Bugungi qutlug‘ ayyomda suv xo‘jaligi sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamdagi ishlarni ham ta’kidlab o‘tish o‘rinli albatta. Joriy yilda tumanda barcha dasturlar doirasida 170 km uzunlikda irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlari rekonstruksiya qilindi va tizimli ta’mirlash-tiklash ishlari bajarildi, 13 ta suv inshootlari yangidan qurildi va ta’mirlandi. Natijada tumandagi jami 23 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minoti hamda 5200 gektar yerlarning meliorativ holati yaxshilandi.
Bugungi kunda Respublikamizda, ayniqsa, Amudaryoning quyi mintaqasida joylashgan Xorazm vohasida suv resurslaridan tejab foydalanish masalasi qanchalik dolzarb ahamiyatga ega ekanligini yaxshi bilasizlar. Shu bois bu yil tumanda qariyb 5407 gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar, jumladan, tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari joriy qilindi, 4072 gektar maydonlarda lazer tekislash ishlari bajarildi hamda 80 km ichki ariqlar betonlashtirildi.
Suv va energiya resurslarini tejash borasidagi bunday chora-tadbirlar kelgusi yilda ham izchil davom ettiriladi.
Qadrli do‘stlar!
Muhtaram Prezidentimiz Xorazm dehqonining mashaqqatli mehnatini qadrlab: “Yozi jazirama issiq, qishi qahraton sovuq, yerlari kuchli sho‘rlangan bu hududda mo‘l hosil undirish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi. Shuning uchun xorazmlik dehqonlarni bir emas, ikki marta qahramon, desak hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi”, -deb yuksak baho bergan edi. Tumanimiz mirishkorlari davlatimiz rahbarining ishonchini oqlab, oldimizda turgan mas’uliyatli vazifalarni bajarishda yelkama-yelka turib, bir tan-u bir jon bo‘lib, bor malaka va tajribalarini, kuch-g‘ayrat va salohiyatini safarbar etishlariga ishonaman.
Sizlarni ushbu qutlug‘ bayram bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik va farovonlik tilayman. Yaqinlashib kelayotgan yangi – 2025 yil barchamiz uchun omadli, dehqonlarimizning hosillari yanada sarbaland, xalqimiz dasturxoni to‘kin-sochin bo‘ladigan xayrli yil bo‘lib kelsin!