Qardosh xalqlar hamkorligida

Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro maydonda har tomonlama puxta o‘ylangan, izchil, ochiq va pragmatik tashqi siyosiy faoliyatini davom ettirib, jahon hamjamiyati bilan hamkorlik aloqalarini jadal olib bormoqda. Ushbu islohotlar zamirida albatta, xalqimizning ko‘p asrlik tarixi, madaniyati, an’ana va qadriyatlari, ezgu orzu-intilish va manfaatlari mujassam etilgan. Ayniqsa, so‘nggi yillarda kuzatilayotgan o‘zgarish va jarayonlar, yangicha yondashuv va dadil qadamlar tashqi siyosatimizda ham yangi sahifa ochilishiga zamin yaratmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anning taklifiga binoan 6 iyun kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi. Davlatimiz rahbarining ushbu mamlakatga amalga oshirgan davlat tashrifini O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, transport, logistika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish yo‘lida o‘ta muhim tarixiy voqea sifatida baholash mumkin.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Turkiya Respublikasi O‘zbekiston tashqi siyosatida muhim, alohida o‘ringa ega bo‘lgan, o‘ziga xos mamlakat hisoblanadi. Buni quyidagi bir qator omillar bilan izohlash mumkin. Birinchidin, ushbu mamlakat dunyodagi 200 dan ortiq mamlakatlar ichida O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan va shu tariqa uning dunyo xaritasida yangi davlat sifatida e’tirof etilishi jarayonini boshlab bergan mamlakat bo‘lsa, ikkinchidan, o‘zbek va turk xalqlarini azaliy do‘stlik, birodarlik va qardoshlik rishtalari o‘zaro bog‘lab turadi. Har ikki xalq ham turkiy tilda so‘zlashuvchi birodar xalqlar bo‘lib, ularning madaniyati, dini va urf-odatlari
bir-biriga juda yaqin. Qolaversa, Turkiyaning rivojlangan sanoati, rivojlangan transport kommunikatsiyasi, dengiz yo‘llari, qishloq xo‘jaligi, turizm salohiyati, ulkan davlatchilik tajribasi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyat kasb etadi, albatta.  Ikki kuchli liderning o‘z davlati tinchligi va ravnaqi yo‘lidagi mardligi, qat’iyligi, strategik masalalardagi hamkorligi bugungi kundagi jahon siyosiy maydonidagi qaltis vaziyatlar, davlatlararo ishonchsizlik munosabatlari keskinlashuvi jarayonida yanada sezilmoqda. Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning Turkiyaga rasmiy tashrifi dasturida ikki mamlakatning yetakchi korxonalari va kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar, keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni, avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda chuqurlashtirish masalalarini muhokama qilish o‘rin oldi.

Tashrifning oliy darajadagi muzokaralar yakunida O‘zbekiston – Turkiya o‘rtasida turli sohalardagi aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan hukumatlararo, idoralararo bitimlar va boshqa qator hujjatlar, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida katta hajmdagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy shartnoma va bitimlar imzolanishi mamlakatimizda ushbu sohalarning yanada taraqqiy etishiga xizmat qilishi shubhasiz.

 Bu esa mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, hududlarning investitsiyaviy salohiyati ortishida, shu bilan birgalikda yangi ish o‘rinlarining yaratilishi hisobiga aholi farovonligi oshishida  muhim rol o‘ynaydi.

 

“Yuksalish harakati”

Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi

mutaxassisi N.Solayev


Постни тарқатинг: Email Facebook Google LinkedIn Twitter VK VK

Оммавий сўровнома


Сайт Бўлимлари