Qishloq xo‘jaligi yerlarini ajratishning yangi tizimi joriy qilindi
Yer ajratish jarayonining shaffofligini ta’minlash, barcha uchun teng imkoniyat yaratish hamda bozor tamoyillariga asoslangan tartibni yanada takomillashtirish maqsadida, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohasiga investitsiyalarni keng jalb qilish orqali paxta va g‘alladan qisqartirilayotgan yer maydonlarida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega va eksportbop qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishni ko‘paytirish, oziq-ovqat xavfsizligi hamda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida, Muhtaram Prezidentimizning 2025-yil 3-fevraldagi farmoni bilan yangi tizim joriy etildi.
Unga ko‘ra, yer uchastkalari konturlar yaxlitligi va sug‘orish tizimi buzilmagan holda, 3 gektardan 50 gektargacha bo‘lgan o‘lchamlarda “E-auksion” savdo platformasi orqali elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladi.
Elektron onlayn auksion savdolarida yashash joyi (yuridik manzili), tashkiliy-huquqiy shakli hamda boshqa yer uchastkasiga egalik qilish yoki qilmasligidan qat’i nazar, barcha jismoniy va yuridik shaxslar (rezidentlar), shu jumladan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar ishtirok etishi mumkin. Bunda auksion g‘olibi keyinchalik yer uchastkasi joylashgan viloyatda yuridik shaxs tashkil etishi yoki o‘z yuridik manzilini shu hududga ko‘chirishi lozim.
Elektron onlayn auksion savdolari orqali aniqlanadigan yer uchastkasiga ijara huquqini olish uchun to‘lovlar 15 ish kuni ichida to‘liq amalga oshirilishi shart.
Shuningdek, boshlang‘ich narx yer uchastkasining normativ qiymatining 50 foizi miqdorida belgilanadi. Sotilmagan lotlar esa har besh kunda lot narxini 10 foizdan boshlang‘ich narxning 20 foizigacha bosqichma-bosqich pasaytirgan holda takroriy auksionga chiqariladi.
Yangi tizim doirasida elektron onlayn auksion g‘olibi – ijaraga oluvchi quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi:
yer uchastkasidan 49 yil muddatga ijara huquqi asosida foydalanish va keyinchalik ijara muddatini qonunchilikka muvofiq uzaytirish;
qishloq xo‘jaligi ekinlarining turlari, navlari va hajmlarini, shuningdek, ularni yetishtirish hamda agrotexnik tadbirlarni o‘tkazish usullarini mustaqil belgilash, shu jumladan, paxta va g‘alla ekinlarini faqat o‘zi ma’qul deb hisoblagan taqdirdagina ekish;
Yer kodeksiga muvofiq ijara shartnomasi bo‘yicha o‘z huquqlari va majburiyatlarini tekinga yoki haq evaziga boshqa shaxsga o‘tkazish (qayta ijaraga berish), yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish;
yer tuzish loyihasiga muvofiq dala chetida 20 sotixdan ko‘p bo‘lmagan, lekin ijaraga berilgan kontur maydonining bir foizidan oshmagan qismida qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi ob’ektlarni (yengil konstruksiyali muzlatkichli omborxonalar, saralash va qadoqlash joylari, suv tejovchi texnologiyalar, dala shiyponi, texnika parki) joylashtirish.
“Elektron onlayn auksionlarni tashkil etish” AJ Xorazm viloyati hududiy vakili
M.Ishchanov