Qo‘shko‘pir tumanida “Qonun ustuvorligini ta’minlashda sudlarning roli” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi
Bugun Qo‘shko‘pir tumanida sud-huquq tizimining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbir “Mening mahallam — mening sudyam” dasturi hamda “Qonun ustuvorligini ta’minlashda sudlarning roli” mavzusiga bag‘ishlanib, unda Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shko‘pir tumani sudining raisi F.Ismoilov, va tergov sudyasi B.Ro‘zmetov, tuman prokurorining katta yordamchisi M.Boltayev, tuman IIB JXX Probatsiya bo‘limi boshlig‘i B.Ibragimov, profilaktika inspektorlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Anjumanda sud tizimining huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirishdagi o‘rni, qonuniylikni ta’minlash va fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish masalalari muhokama qilindi. Ishtirokchilar qonun ustuvorligi tamoyilining hayotga tatbiq etilishi, sud organlari faoliyatining shaffofligini oshirish hamda fuqarolar huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan fikr almashishdi.

Tadbir davomida sud tizimining samaradorligini oshirish, korrupsiya va byurokratiyaga qarshi kurashish, fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish kabi muhim masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Matbuot anjumani ishtirokchilari sud-huquq sohasidagi yangiliklarni keng jamoatchilikka yetkazish, fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirish va ularning sud-huquq tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash muhimligini ta’kidlab o‘tishdi.

Mazkur anjuman tuman miqyosida qonun ustuvorligini ta’minlash, sudlar faoliyatining shaffofligini ta’minlash va fuqarolarning huquqiy ongini oshirish yo‘nalishida muhim qadamlardan biri bo‘ldi desak xato bo‘lmaydi.
Qo‘shko‘pir tumani hokimligi matbuot xizmati






