Qo‘shko‘pirda ekologik barqarorlik sari muhim qadam
Xorazm viloyatida aholi farovonligi, ekologik tozalik va sanitariya holatini yaxshilash maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va ularni tashish xizmatlarining sifati yildan-yilga oshib borayotgani quvonarli hol.
Shu kunlarda Qo‘shko‘pir tumanida mazkur yo‘nalishda yana bir muhim qadam qo‘yildi. Tuman hududida faoliyat yuritayotgan “Xorazm Gaz Payvandchilar” MCHJga jami 5 dona chiqindi tashuvchi maxsus texnika topshirildi. Ushbu texnikalar lizing asosida yetkazib berilgan bo‘lib, ular zamonaviy talablarga to‘liq javob beradi va chiqindilarni samarali tarzda yig‘ish, tashish imkonini beradi.
Tadbirda Qo‘shko‘pir tumani hokimi Shuxrat Axmedov hamda tuman prokurori Bobirbek Matrasulov ishtirok etib, mazkur tashabbusning ahamiyatini alohida ta’kidladilar. Ular bu kabi texnikalar nafaqat atrof-muhitni asrash, balki tuman sanitariya holatini tubdan yaxshilashga xizmat qilishini qayd etdilar.
Eslatib o‘tamiz, bu texnikalar Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasi doirasida olib kelindi. Ushbu loyiha O‘zbekistonda ekologik muammolarga qarshi kurashish, chiqindi tizimini zamonaviylashtirish va aholi salomatligini himoya qilishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biridir.
Zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash orqali Qo‘shko‘pirda chiqindilarni boshqarish tizimi yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu esa o‘z navbatida, tumanda toza va sog‘lom muhit yaratishga, ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.