Sektor rahbarlari va yoshlar uchrashuvi
Qo‘shko‘pir tumanida sektor rahbarlari va yoshlar ishtirokida ochiq muloqot shaklida uchrashuv tashkil etildi. Tadbir davomida yoshlarning muammolari, tashabbuslari va takliflari muhokama qilinib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi yoshlarning fikrlarini tinglash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi ishtirokini oshirish hamda mavjud muammolarni bartaraf etish yo‘llarini birgalikda izlashdan iborat bo‘ldi. Yoshlarning bandligi, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va kasbiy rivojlanish imkoniyatlari kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, tadbir davomida jadidchilik harakati haqida ham so‘z bordi. Jadidchilik – XX asr boshlarida shakllangan va jamiyatni taraqqiyotga yetaklashni maqsad qilgan ilg‘or harakat bo‘lib, u xalqni ilm-ma’rifatga chorlash, milliy o‘zlikni anglash va taraqqiy topgan jamiyat barpo etish kabi g‘oyalarni ilgari surgan. Yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu harakatning bugungi kun uchun ahamiyati va uning zamonaviy jamiyat rivojiga ta’siri haqida ham fikr yuritildi.
Tadbir yakunida yoshlarning taklif va tashabbuslari asosida kelgusidagi rejalar belgilandi hamda sektor rahbarlari yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘z oldilariga aniq vazifalarni qo‘ydilar. Mazkur ochiq muloqot yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularning muammolariga yechim topish hamda kelajak avlod uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi desak adashmaymiz.






