Shovot va Qo‘shko‘pir tumanlarida 2025-yil Investitsiya dasturi loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi
Shovot va Qo‘shko‘pir tumanlarida 2025-yilda Investitsiya dasturi doirasida amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu tadbir Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari Anvar Davletov boshchiligida tashkil etilib, unda tadbirkorlar faoliyatiga oid muammolar va takliflar tinglandi.
Taqdimot davomida 2025-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar bilan tanishtirilib, ularning hududdagi iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga qo‘shadigan hissasi haqida so‘z yuritildi. Shu bilan birga, tadbirkorlarning faoliyatlarini kengaytirish, kredit mablag‘larini jalb qilish, soliq imtiyozlaridan foydalanish kabi masalalar bo‘yicha murojaatlari tinglandi. Yangi biznes g‘oyalar va innovatsion takliflar ham muhokama qilindi.

Tadbirkorlarning murojaatlari har bir soha bo‘yicha mas’ul rahbarlar ishtirokida joyida ko‘rib chiqildi. Natijada, ba’zi muammolar uchrashuv davomida hal qilindi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan masalalar esa nazoratga olinib, ijrosi bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Uchrashuv davomida tadbirkorlar uchun yaratilayotgan sharoitlar, investitsion loyihalar amalga oshirilishining ahamiyati va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlov choralarining mazmuni batafsil tushuntirildi.
Bunday uchrashuvlar tadbirkorlikni rivojlantirish va hududlar iqtisodiyotini yuksaltirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu orqali yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi loyiha va g‘oyalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Qo‘shko‘pir tumani hokimligi matbuot xizmati






