Sud-huquq sohasidagi islohatlar va kutilayotgan natijalar
Mamlakatimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar zamirida “Inson qadri uchun” tamoyili asosida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatini kuchaytirish ya’ni, insonlarni sud-huquq tizimiga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash, sudlar faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyasi lavozimi joriy etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2024-yil 10-iyundagi PF-89-sonli farmoniga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvardan jinoyat ishlari bo‘yicha tuman, shahar sudlarida tergov sudyalari ish faoliyatini boshladi.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasining 2025 yil 28 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1022-sonli qonuni qabul qilindi.
Mazkur qonunga asosan yangi tashkil qilingan tergov sudyasi institutining huquqlari, vakolatlari hamda tergov sudyalari tomonidan ko‘riladigan ishlarning toifalari belgilab berildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-prossetsual kodeksi
311-moddasi bilan to‘ldirilib, unda tergov sudyalarining vakolatlari belgilab berildi.
Qonunga ko‘ra, tergov sudyasi yakka o‘zi ish tutib, Jinoyat-prossetsual kodeksida nazarda tutilgan tartibda sudga qadar ish yuritish bosqichida shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi ustidan sud nazoratini amalga oshiradi.
Tergov sudyasining vakolatlari jumlasiga:
-qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
-qamoqda saqlash yoki uy qamog‘i muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
-ushlab turish muddatini qirq sakkiz soatgacha uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
-pasportning (harakatlanish hujjatining) amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
-ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
-shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish haqidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
-ayblanuvchining tibbiy muassasada bo‘lishi muddatini uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
-murdani eksgumatsiya qilish haqidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
-pochta-telegraf jo‘natmalarini xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
-prokurorning guvoh va jabrlanuvchining (fuqaroviy da’vogarning) ko‘rsatuvlarini oldindan mustahkamlash to‘g‘risidagi iltimosnomalarini ko‘rib chiqish;
-tintuv o‘tkazish to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqish;
-telefonlar va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni ko‘rib chiqish;
-mol-mulkni xatlash to‘g‘risidagi iltimosnomani ko‘rib chiqishi belgilandi.
Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlarni ko‘rib chiqish ham tergov sudyalarining vakolatlariga kiritildi.
Bu orqali fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari, qonun ustuvorligi, ijtimoiy adolatni, fuqarolarning tinchligi va totuvligini kafolatli ta’minlash, ularning huquqlarini va qonuniy manfaatlarini sud yo‘li bilan samarali himoya qilishga qaratilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Xiva
tuman sudining tergov sudyasi R.Bobajanov