TUMАN HOKIMI BOBURBEK EGАMOVNING BAYRAM TABRIGI

 
 Аssalomu alaykum, aziz ustozlar!
 
Аvvalo, siz, azizlarni, ustoz degan sharafli nomni ulugʼlab kelayotgan ziyolilarni bugungi ayyom 1 oktabr – “Oʼqituvchi va murabbiylar kuni” bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etishga ruxsat etgaysiz. 
Ustoz! Muallim!
 Bu soʼzlar naqadar purmaʼno va sermazmundir. Bu soʼzlarni eshitganda qalblar junbushga kelib, koʼngillar yorishib ketadi. 
Zero, esimizni tanib, ilm ostonasiga qadam qoʼyar ekanmiz, ularning quyosh yangligʼ chehrasi, tabassumi, ilmu- maʼrifati yoʼlimizni yoritadi, qalbimizni charogʼon qiladi. Bugun ushbu ayyomni nishonlar ekanmiz, har birimizning koʼz oldimizda, avvalo, qadrdon maktabimiz, bizga harf oʼrgatgan, ezgulik va maʼrifatdan saboq bergan mehribon, jonkuyar ustozlarimizning siymosi gavdalanadi. 
Bugun biz uchun ibrat namunasi, yuksak insoniy fazilatlar timsoli boʼlgan aziz va moʼʼtabar zotlar shaʼniga eng goʼzal soʼzlar, ezgu tilaklarimizni izhor etamiz. 
Har yili anʼanaviy tarzda nishonlanib kelinayotgan 1 oktabr – Oʼqituvchi va murabbiylar kuni bayrami ilm maʼrifat kamolotiga ulkan hissa qoʼshayotgan ming-minglab oʼqituvchilar, ustoz va murabbiylar mehnatining yuksak eʼtirofi, ularga bildirilgan hurmat va eʼtibor, ishonch namunasi desak mubolagʼa boʼlmaydi. 
 
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan taʼlim-tarbiya sohasiga qaratilayotgan eʼtibor tufayli bugun mamlakatimizdagi taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasi mustahkamlanmoqda, oʼquv-tarbiya jarayonlariga zamonaviy taʼlim va axborot texnologiyalarini, yangi oʼquv metodikalarini joriy etish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Shu oʼrinda taʼlim sohasida sifat va samaradorlikni oshirish borasida tumanimizda olib borilayotgan islohotlarni eʼtirof etmaslikning aslo iloji yoʼq. Bugungi kunda tumanimizda jami 57 ta taʼlim muassasalari mavjud boʼlib, shundan 56 ta maktab, 1 ta Barkamol avlod bolalar maktabi samarali faoliyat olib bormoqda. 
Shuningdek, 33 ta davlat, 10 ta xususiy sherikchilik shaklidagi, 99 ta oilaviy nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat yuritmoqda.
 2023-2024 oʼquv yilida tumandagi taʼlim muassasalarida 3922 nafar pedagog xodim taʼlim-tarbiya berib kelmoqda. 
 Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich tomonidan oʼqituvchilarning shaʼni, qadr-qimmatini ulugʼlash, obroʼ-eʼtiborini koʼtarish, ham moddiy, ham maʼnaviy tarafdan qoʼllab-quvvatlash maqsadida oʼtgan davr mobaynida qabul qilingan Farmon, Qarorlar bugungi kundagi oʼqituvchi va murabbiylarning haqiqiy holatiga xolis baho boʼlib, yosh avlod tarbiyasida haqiqatda ham keskin oʼzgarish yasaydigan mutlaqo yangi davrni boshlab berdi.
 
 Tumanda oʼtgan oʼquv yilida umumtaʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, taʼlim sifatini oshirish, kadrlar salohiyatini yaxshilash borasida keng koʼlamli ishlar amalga oshirildi.
Joriy yilda tumanda Investitsiya dasturi doirasida 2 ta, mahalliy byudjet mablagʼlari hisobidan 17 ta maktablarda qurilish taʼmirlash va jihozlash ishlari olib borildi.
Shuningdek, 2023 yilning oʼtgan davri mobaynida tumanimizda umumiy oʼrta taьlim maktablarini "Tashabbusli byudjet" loyihalari uchun 21,9 mlrd. soʼm ajratilib, ajratilgan mablagʼlar doirasida taʼlim muassasalarida taʼmirlash ishlari olib borildi. 
Bunday shart-sharoitlar, imkoniyatlardan unumli foydalangan holda tumanimiz oʼqituvchi va oʼquvchilari viloyat, Respublikada oʼtkazilgan turli koʼrik-tanlovlar va tadbirlarda faol ishtirok qilib, oʼzlarining bilim va iqtidori, salohiyatlarini namoyon qilib kelmoqdalar. 
Jumladan, 2022 yil aprelь oyida oʼtkazilgan pedagog xodimlar attestatsiyasi natijalariga koʼra oliy toifali oʼqituvchilar 7,9% dan 12,1% ga, birinchi toifali oʼqituvchilar 20,3% dan, 29% ga, ikkinchi toifali oʼqituvchilar 21,8% dan 24,9% ga oʼsishga erishilib, attestatsiya natijalariga koʼra tuman respublikada 9 oʼrinni egalladi.

Shuningdek tumandagi 315 nafar xorijiy til oʼqituvchilari Xalqaro va milliy sertifikatlarga ega boʼldilar. Bundan tashqari 48-son maktabning frantsuz tili fani oʼqituvchisi Baxodir Ibodullaev "Eng mahoratli chet tili fani oʼqituvchisi" koʼrik-tanlovining viloyat bosqichida yuqori oʼrinni qoʼlga kiritib, sertifikatga ega boʼldi. 
Shu oʼrinda tumandagi iqtidorli oʼquvchi yoshlarning qoʼlga kiritgan yutuq va muvaffaqiyatlarini ham aytib oʼtishni joiz deb bilaman. 
Joriy yilning mart oyida Fan olimpiadasining viloyat bosqichida 9-11-sinf oʼquvchilaridan jami 10 nafari gʼoliblikni qoʼlga kiritdi. Shulardan 4 nafari respublika bosqichida ishtirok qilish baxtiga muyassar boʼldi. 
 Jumladan 1-son maktab internatining 11-sinf oʼquvchisi Navroʼzbek Nurjanov matematika fanidan, 48-son maktabning 11-sinf oʼquvchisi Mohinur Hayitboeva ona tili va adabiyot fanidan, 1-son maktabning 11-sinf oʼquvchisi Nozima Davletova oʼzbek tili fanidan va 31-son maktabning 11-sinf oʼquvchisi Laylo Yoʼldosheva geografiya fanidan fan olimpiadasining respublika bosqichida faol ishtirok qilib, imtiyozli sertifikatga ega boʼldilar. Shuningdek, “Geografiya va iqtisodiy bilim asoslari” fan oyligida “Buyuk kashfiyotchilar izidan” tanlovining viloyat bosqichida Qoʼshkoʼpir tumani jamoasi faxrli 1-oʼrinni qoʼlga kiritdi. Jamoa tarkibida 27-son maktab oʼquvchisi Gulsevar Norboeva, 9-son ixtisoslashgan davlat umumtaʼlim maktabi oʼquvchisi Sevinchoy Xayitboeva, 2-son maktab oʼquvchisi Аnorjon Shonazarova, 39-son maktab oʼquvchisi Nurbek Raximboevlar I-Darajali diplom bilan taqdirlandillar. Bundan tashqari Аl-Xorazmiy olimpiadasining viloyat bosqichida muvaffaqiyatli qatnashgan 1-son ixtisoslashgan maktab internatining 7-sinf oʼquvchisi Аzizbek Erkinov olimpiadaning respublika bosqichiga yoʼllanma oldi. Bunday yutuqlarni yana koʼplab davom ettirish mumkin. 
Shuningdek, oxirgi bir yil ichida sportning Dzyu-do turidan bir nafar sportchi jahon chempionligini, boks boʼyicha bir nafar sportchi osiyo chempionligini, boks boʼyicha 5 nafar, qoʼl toʼpi boʼyicha 13 nafar, shaxmat boʼyicha 2 nafar, erkin kurash boʼyicha 4 nafar, oʼzbek jang sanʼati boʼyicha 22 nafar sportchi-yoshlarimiz Oʼzbekiston chempionligini qoʼlga kiritdilar. 
Har bir tumandagi yoshlarning manashunday olamshumul yutuqlarida siz kabi fidoiy, jonkuyar ustozlarning mehnati, mashaqqati mujassam deb bilaman.
 
Hurmatli ustoz va murabbiylar! 
 
Sizning shaʼningiz ulugʼ, maqomingiz ulugʼ, barchangizni fursatdan foydalanib yana bir bora kasb bayramlaringiz bilan samimiy, chin qalbimdan tabriklayman. Martabangiz bundan ham ulugʼ boʼlsin. 
Sizdek ustozlar bor ekan, har bir inson ilm yoʼlida yuqori marralarni zabt etadi. 
Barchangizga sogʼlik-salomatlik, mashaqqatli ishlaringizda muvaffaqiyatlar yor boʼlishini tilayman.


Постни тарқатинг: Email Facebook Google LinkedIn Twitter VK VK

Оммавий сўровнома


Сайт Бўлимлари