Tashrif
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 5 aprel kuni tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
Ko‘hna Xiva shahrida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qosim -Jomart Toqayev uchrashuv o‘tkazdilar. Unda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, har tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.Kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, ilgari oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq investisiya bitimlari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.Gumanitar va turizm aloqalarini rivojlatirish, yoshlar ishtirokida madaniyat, ta’lim va sport sohalarida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalari atroflicha muhokama qilindi.Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasidagi hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qosim-Jomart Toqayev Xiva gilamlari kombinatiga tashrif buyurdilar. 2020 yilda tashkil etilgan qiymati 24 million dollarlik ushbu korxona yiliga 4,2 million kvadrat metr gilam va gilam mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Mahsulotlar AQSH, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va MDHning boshqa mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Kombinatda Germaniya,Belgiya, Avstriya, Shveysariya, Italiya, Fransiya va Turkiyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. 750 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Prezidentlar korxonaning ishlab chiqarish jarayoni va shourumi bilan tanishdilar,kombinat hududida tashkil etilgan «Made in Uzbekistan» brendi ostidagi mahsulotlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdilar. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimgi Xivaning Ichan qal’a majmuasi tarixiy obidalari va Nurullaboy saroyini ziyorat qildi. Xiva tarixi va uning fan rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, hududning boy madaniyati va san’ati haqidagi hikoyalar qozog‘istonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Shu bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi.
“Yuksalish harakat”
Xorazm viloyati hududiy
bo‘linmasi rahbari S.S.Abdikarimova