Texnologiyalar davrida o‘zbek tili

Bugungi texnologiyalar asri globallashuv va raqamli innovatsiyalar davri bo‘lib, u insoniyatning barcha sohalariga, jumladan, til va  madaniyatiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazmoqda. O‘zbek tili, xalqimizning bebaho merosi sifatida, bu o‘zgarishlardan chetda qolmay, zamonaviy dunyoda o‘z o‘rnini topishga intilmoqda. Texnologiyalar davrida o‘zbek tilining rivoji, imkoniyatlari va yuzaga kelayotgan muammolari haqida gapirish esa dolzarb masalaga aylangan.

Avvalo raqamli texnologiyalar o‘zbek tilining qo‘llanilish doirasini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar yaratdi. Bugungi kunda o‘zbek tili internetda faol qo‘llanilmoqda: ijtimoiy tarmoqlar, bloglar, elektron nashrlar va onlayn kurslar orqali xalqimiz til va madaniyatni global miqyosda targ‘ib qilmoqda. Bundan tashqari, Google Translate, Yandex tarjimon kabi xizmatlarda o‘zbek tilining mavjudligi tilimizning xalqaro maydonda tan olinayotganidan dalolatdir. Shuningdek, raqamli kutubxonalar va audiokitoblarning o‘zbek tilida nashr etilishi o‘z tilimizda bilim olishni yanada qulay va ommabop qildi.

Biroq texnologiyalar davrida o‘zbek tilining rivojlanish jarayonida bir qancha muammolar ham mavjud. Eng asosiy muammolardan biri – internet va texnologik platformalarda til qoidalarining buzilishidir. Ijtimoiy tarmoqlarda noto‘g‘ri yozuvlar, qisqartirishlar va xorijiy so‘zlarning qo‘shilishi o‘zbek tilining sof va to‘g‘ri saqlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu esa yosh avlodning adabiy tilda yozish va gapirish qobiliyatiga putur yetkazmoqda.

Yana bir muammo – texnologik vositalar va dasturlarda o‘zbek tiliga yetarlicha e’tibor qaratilmasligi desak o‘rinli bo‘ladi. Ko‘plab xalqaro platformalarda o‘zbek tilidagi interfeysning mavjud emasligi yoki cheklanganligi foydalanuvchilar uchun noqulaylik tug‘diradi. Masalan, sun’iy intellekt tizimlarida o‘zbek tilining kam qo‘llanilishi bu borada hali ko‘p ishlash kerakligini ko‘rsatadi.

Ammo texnologiyalar davrida o‘zbek tilini rivojlantirish uchun imkoniyatlar keng. Birinchidan, raqamli platformalar uchun sifatli o‘zbek tilidagi kontent yaratish lozim. Mahalliy dasturchilar o‘zbek tilidagi mobil ilovalar, o‘yinlar va o‘quv dasturlarni ishlab chiqishi orqali yosh avlodni tilni o‘rganishga qiziqtirishi mumkin. Ikkinchidan, o‘zbek tilini xalqaro texnologik tizimlarga integratsiya qilish – bu Google Assistant yoki Siri kabi xizmatlarda o‘zbek tilini joriy qilishni anglatadi.

Shuningdek, onlayn ta’lim platformalari orqali o‘zbek tili grammatikasi, fonetikasi va adabiyotini o‘rgatuvchi kurslarni rivojlantirish tilimizni ommalashtirishga yordam beradi. Yosh dasturchilar uchun esa o‘zbek tilini dasturlash tillarida ishlatish imkoniyatlarini targ‘ib qilishi lozim.

Xulosa qilib aytganda, texnologiyalar davri o‘zbek tilini saqlash va rivojlantirish uchun ham xavf, ham imkoniyatlar davri hisoblanadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Agar texnologiyalarni to‘g‘ri yo‘naltirsak, o‘zbek tili global maydonda o‘z ovozini yanada baland yangratadi. Bu esa faqat davlat siyosati emas, balki bu barchamizning mas’uliyatimizdir. Tilimizni texnologik inqilobning bir qismiga aylantirish uchun birgalikda harakat qilishimiz lozim.

Nodira Eshchanova,

Qo‘shko‘pir tumani hokimining

davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi


Постни тарқатинг: Email Facebook Google LinkedIn Twitter VK VK

Оммавий сўровнома


Сайт Бўлимлари