Xorazm atamasining etimologiyasi

Xorazm – Markaziy Osiyoning qadimiy mintaqalaridan biri bo‘lib, ushbu atama boy tarixiy, madaniy va lingvistik qatlamlarni o‘zida mujassam etadi. Xorazm nomining kelib chiqishi haqida ko‘plab nazariyalar mavjud bo‘lib, har biri mintaqaning tarixi va geografik xususiyatlari bilan chambarchas bog‘liqdir.

Ba’zi manbaalarda keltirilishicha, “Xorazm” so‘zi qadimgi fors tilidagi “Xvarizem” yoki “Harizm” shakllaridan olingan bo‘lib, u “quyoshli yer” yoki “quyosh chiqadigan joy” degan ma’noni anglatadi. “Xvar” so‘zi qadimgi fors tilida quyosh, yorug‘likni bildiradi, “zem” esa zamin, yer ma’nosini beradi. Shu sababli, Xorazm mintaqasi qadimdan quyosh nurida porlagan, boy yer-suv resurslariga ega o‘lkani ifodalagan bo‘lishi mumkin degan qarashlar bor. Xususan, al-Beruniy o‘zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida “Xvarizm” nomining ma’nosi va geografiyasi haqida to‘xtalib o‘tgan.

Boshqa bir nazariya esa “Xorazm” so‘zi mahalliy til va dialektlardan kelib chiqqanini ta’kidlaydi. Ayrim tadqiqotchilar bu nomni turkiy tilga oid qilib, “xor” – suv va “zam” – yer birikmasi deb talqin qilishadi. Chunki Xorazm qadimdan Amudaryo bo‘yida joylashgan bo‘lib, uning rivojlanishida suv resurslarining ahamiyati juda katta bo‘lgan. Bu yerda suv omillari shunchalik muhim bo‘lganki, mintaqaning nomlanishida ham aks etgan.

Yana bir e’tiborga molik faraz shuki, “Xorazm” nomi afsonaviy shaxslar va tarixiy voqealar bilan bog‘liq. Ayrim manbalarda u Oks daryosi (Amudaryo) bilan bog‘langan “Orazam” yoki “Orzum” shakllaridan olingan deyiladi. Bu taxminlar tarixning chuqur qatlamlariga oid afsonaviy rivoyatlarni aks ettiradi.

Xorazm tarixi haqida so‘z ketganda, “Xorazm” atamasi to‘g‘risida ham gapirish o‘rinlidir. Ushbu atamani tarixini izlar ekanmiz, boshqa tarixiy so‘zlar kabi bu atama haqida ma’lumot  berilgan manbaalarda turlicha qarashlar, turlicha ma’nolari keltirilgan, masalan, Avestoda “Xvarezm”, qadimiy forschada “Uvarazmis”, lotinchada “Xorasmiya” va yunonchada “Xorazmiya” deb yuritilgan. Arab manbalarida esa bu oʻlka “Xvorazm” talaffuzida tilga olinadi. Uning asl mohiyati esa “xvo” – “goʻsht”, “razm” – “oʻtin” kabi ikki soʻzdan tarkib topib, “Xorazm – goʻsht va oʻtinga serob oʻlka” degan maʼnoda qoʻllangan. Maʼlum vaqtdan keyin Xorazmning tarixini har tomonlama chuqur oʻrganish S.P.Tolstov tomonidan boshlangan va “Xorazm” atamasi eroncha “Hurr-xurshed” va “zm-zem” soʻzlari asosida yuzaga kelgan nomning “Quyoshli oʻlka”, “Quyoshli yer”, “Quyosh (Xalq) yeri” maʼnolarini aytib oʻtadi. Bundan tashqari, uning “Ming irmoqli daryo” va “Koʻllar va oʻtloqlarga boy oʻlka” kabi atamalari ham Avestoning “Yasht” qismida aytib oʻtilgan.

Shular qatorida Sugʻdshunos olim M.N.Bogolyubovning fikricha, Xorazm alohida 3 ta soʻzdan tarkib topgan. Xu (Xush, Xash), var (vara) va zm (zim, zem). Eroniy tillarda Xu —“yaxshi” “maʼqul”, var (vara) – “devor”, “marza”, “fob”, “qalʼa”, “qoʻra” degan maʼnolarni bildirgan. Zm (zim, zem) esa – “zamin”, “hudud”, “diyor”, “mamlakat” kabi maʼnolarni anglatgan.

“Xorazm” atamasining toponimistik va lingvistik talqinidan aniqlanishicha, mazkur nomning shakllanib tarixda mashhur boʻlishi oʻlka tabiatining quyoshli va yer sathining tekisligi, shuningdek, mustahkam mudofaa inshootlari – qalʼalarining sifati hamda xorazmliklarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va maʼnaviy hayotida tutgan oʻrni bilan uzviy bogʻliqdir.

Xorazm atamasining etimologiyasi faqatgina lingvistik nuqtai nazardan emas, balki tarixiy va madaniy kontekstda ham muhimdir. Bu nom mintaqaning qadimiy davlatlaridan tortib, buyuk ilm-fan va madaniyat markazlariga aylanishigacha bo‘lgan yo‘lni o‘zida aks ettiradi. Al-Xorazmiy kabi buyuk olimlarning vatani bo‘lgan Xorazm nomi bugungi kunda ham ilm-fan va madaniyat ramzi sifatida jaranglaydi.

Shunday qilib, Xorazm atamasi nafaqat geografik hududni ifodalash, balki boy tarixiy merosni, tabiat boyliklarini va madaniyati chuqur ildizlarga ega bo‘lgan xalqning ruhiyatini aks ettiradi. Bu nom mintaqaning o‘ziga xosligini, go‘zalligini va ahamiyatini abadiylashtirgan noyob ramzdir.

Nodira Eshchanova,

Qo ‘shko ‘pir tumani hokimining maslahatchisi

 


Постни тарқатинг: Email Facebook Google LinkedIn Twitter VK VK

Оммавий сўровнома


Сайт Бўлимлари