YANGI O‘ZBEKISTONNING YANGI JADIDLARINI TARBIYALASH BOSH MAQSADIMIZ
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ta’lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, oliy ta’lim muassasalarining talaba yoshlarida zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, shuningdek, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularning salohiyatlarini yuzaga chiqarish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Yurtimizda yoshlar bilan ishlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bugungi kunda qaysi sohada islohotlarga qo‘l urilmasin, avvalo, yoshlarning kuch-g‘ayrati, ularning taklif va tashabbuslariga albatta quloq tutiladi.
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan Uchinchi Renessansga mustahkam poydevorni yaratish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda, ezgu sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Ta’kidlash kerakki, Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlash hamda uning tadrijiy rivojlanishga vatanparvar shaxs sifatida hissa qo‘shish bugun barchamizning ezgu orzu umidlarimizdan biriga aylandi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Yangi O‘zbekiston – barchamizning ezgu orzuimiz, mehnatkash, tinchliksevar xalqimizning orzusi. Unda xalqimizning azaliy umid-niyatlari, yuksalish sari intilishlari o‘ziga xos tarzda aks etmoqda”.
Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni yuksak ma’naviyatli, ona vatanga sadoqat ruhida tarbiya topgan yoshlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu sababli ham yoshlarga mamlakatning strategik kuchi, ertasi sifatida qaraladi. Demakki, yoshlarning yuksak ma’naviyatli avlod bo‘lib kamol topishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Darhaqiqat, zamonaviy jamiyatda ijtimoiy jarayonlar dinamikasining kuchayishi, insoniyat global muammolarining keskinlashuvi, davlat va jamiyat taraqqiyoti yo‘lida belgilangan strategik vazifalarning dolzarbligi keng ziyoli qatlam vakillari o‘z diqqat e’tiborini ma’naviyat va ma’rifat masalalariga qaratishni taqozo qilmoqda. Bunda shaxs ma’naviy madaniyatining mazmuni va rivojlanishining modernizatsiyalashuvi bugungi kunda shaxs ma’naviy qiyofasini hamda butun jamiyat mavjudligini saqlab qolish imkoniyatini yaratadi. Aynan mana shu omil sabab ma’naviyat va ma’rifat masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023-yilning 22-dekabr kuni o‘tkazilgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ta’kidlaganidek: “Tarixdan ma’lum: Vatan va xalq taqdiriga nisbatan tahdidlar kuchaygan vaziyatda aynan millat fidoyilari – uyg‘oq qalbli ziyolilar, shoir va adiblar, san’at namoyandalari, ma’naviyat va ma’rifat sohasi xodimlari jasorat bilan maydonga chiqqanlar. Mamlakatimiz o‘z taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga kirayotgan hozirgi paytda bizga jadid bobolarimiz kabi g‘arb ilm-fan yutuqlari bilan birga, milliy qadriyatlar ruhida tarbiya topgan yetuk kadrlar suv bilan havodek zarur”.
Agar jamiyat hayotining tanasini iqtisodiyot tashkil etsa, uning joni va ruhini ma’naviyat tashkil qiladi. Shu sababdan Yangi O‘zbekistonni barpo etishda bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot bilan bir qatorda ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatga tayanilmoqda.
Insoniyat tarixida har qanday millat asrlar davomida shakllangan va davr sinovlaridan o‘tgan milliy-ma’naviy qadriyatlari, madaniyati va tarixiy xotirasi bilan yashasagina ma’lum kuch-qudratga ega bo‘lishini ko‘rsatuvchi dalillar ko‘p. Shubha yo‘qki, o‘zbek xalqi o‘zining buyuk davlatchilik tarixi, urf-odat va an’analari, dunyo tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasi, jahon hamjamiyati haqli ravishda e’tirof etayotgan milliy xususiyatlari bilan shunday millatlar qatoriga kiradi. Ma’lumki, inson hayot ekan, butun umri davomida o‘sib, rivojlanib boradi. Rivojlanish deganda biz shaxsning ham jismoniy, ham aqliy va ma’naviy kamol topish jarayonini tushinamiz. Ulug‘ alloma va mutafakkirlarimizning asarlarida shaxsning shakllanishi uchun irsiyat, tarbiya va muhit ta’siri alohida ta’kidlangan. Shuning uchun ham bugungi kunda ajdodlarga munosib vorislik, ilm-fan va ta’lim-tarbiya masalasi, inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilayotgani bejiz emas.
Alohdida qayd etish zarurki, o‘tgan asr boshlarida shakllanib, nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun musulmon olami va turkiy dunyo tarixida chuqur iz qoldirgan jadidchilik harakati va uning namoyondalarining ma’rifatparvarlik g‘oyalari bugungi yosh avlod uchun chin ma’noda ibrat olsa arzigulik jarayon va muhim tarbiya vositasidir. Shu sababli ham Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev 2023-yilning 9-sentyabr kuni “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigida: “Mushtarak tariximizning yorqin sahifalarini tashkil etadigan ma’rifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning o‘z qimmati va ahamiyatini hamon yo‘qotmasdan kelayotgan boy merosini hamkor davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, taniqli xorijiy olimlar bilan birgalikda teran tadqiq va targ‘ib etish bizning ustuvor vazifamizdir” deya ta’kidlagan edilar.
Darhaqiqat, “Ilmdan boshqa najot yoʻq va bo‘lmagay”, degan hadisi sharifni hayotiy e’tiqod sifatida bilib, milliy istiqlol, taraqqiyot va farovonlikka, xalqni ma’rifatli qilish orqali erishishni ko‘zlab, mustamlakachilik sharoitida qo‘rqmasdan maydonga chiqqan jadidchilarning hayoti va faoliyati inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonning ezgu g‘oya va dasturlariga har jihatdan uyg‘un va hamohangligi bilan ahamiyatlidir.
Bugungi kunda jadid bobolarimizning xotiralarini abadiiylashttirish borasida mamlakatimizda bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, har yili 31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida keng nishonlanadi. Shuningdek, Toshkent shahrida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi va jamoat fondi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda hududiy bo‘limlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, aholi, xususan, yosh avlodga ularning ibratli hayoti tarixiy dalillar asosida tushintirilmoqda.
Bundan tashqari O‘zbekiston Oliy sudi tomonidan 1030 dan ziyod mustabid tuzum qatag‘oniga uchragan vatandoshlarimiz nomi oqlandi. Shuningdek, jadidlar xotirasiga bag‘ishlangan badiiy va hujjatli filmlar, ko‘rsatuvlar tayyorlanib, xalqaro darajadagi konferensiyalar, ko‘rgazmalar va davra suhbatlari, xotira kechalari o‘tkazilayotmoqda. Ta’kidlash kerakki, yaqinda ish faoliyatini boshlagan va XIX asr oxiri – XX asr boshlarida kechgan jadidchilik harakatining ahamiyati, jadid bobolarimiz turmushi, ishi va merosini keng targ‘ib qilishni ko‘zlagan, yozma, tovushli, ko‘rgazmali, raqamli ma’lumotlarni o‘zida jamlagan va muntazam ravishda boyitib boriladigan jadidlar.uz platformasi ham bu boradagi sayi-harakatlarning amaliy natijasidir. Bundan tashqari mamlakatimizda “Jadid” gazetasi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Hammamizga yaxshi ma’lumki, bugungi dunyo har qachongidan ham murakkab, ziddiyatli, xavfli ko‘rinish olgan. Dunyoning turli mintaqalarida kechayotgan voqea-hodisalar, xalqlar va millatlar o‘rtasidagi o‘zaro to‘qnashuvlar xohlaymizmi-yo‘qmi, bir asr oldingi saboqlarni eslashga, ulardan oqilona xulosa chiqarib, yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamaslikka undaydi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, jadid bobolarimizning ilmiy merosini yoshlar orasida keng targ‘ib etish zamon talabi sifatida maydonga chiqadi.
Agar bu fikrlarni chuqurroq tahlil qilsak, bu nimani bildiradi? Bu ham buyuk ajdodlarga munosib vorislikni anglab yashash mas’uliyatini, ham kelajak avlodlar oldidagi, ularning manfaatlari, hayotiy zaruriyatlari, ehtiyojlari oldidagi ma’naviy burchni anglab yashash lozimligini bildiradi. Ushbu jarayonda eng avvallo tarixiy ong va tarixiy xotirani shakllantirish dolzarb masala hisoblanadi. Zero, tarix – o‘tmishdagi voqealarning oddiy bayoni emas, balki katta tarbiyaviy omil hamdir. Tarixiy voqealarni bilish asosida kishilarda o‘z xalqiga nisbatan hurmat, muhabbat tuyg‘ulari shakllanadi, yoshlar ota-bobolarining qilgan ishlari bilan faxrlanishin o‘rganadilar, shu asosida milliy iftixor singari yetuk ma’naviy fazilatlar shakllanadi, milliy ong o‘sadi, dunyoqarash mustahkamlanadi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, yosh avlodni ona vatanga muhabbat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda jadidchilik harakati nomoyondalari va ularning hayot yo‘li tarbiya vositasida sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli ham ta’lim-tarbiya jarayonlarida jadidlar obrazlaridan yanada kengroq foydalanish, ularning ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy merosini chuqurroq targ‘ib qilish zarur. Shuningdek, Yangi O‘zbekistonning yangi jadidlarini tarbiyalash, ularga zamonaviy bilim berish bugungi kun o‘qituvchilari, ziyolilari va albatta keng jamoatchilikning asosiy vazifalaridan biriga aylanishi zarur. Bu borada yurtimizda keng imkoniyatlar yaratilgan bo‘lib, islohotlar zamirida inson qadri va uning tinch va totuv yashashi yotadi. Shunday ekan, bugun oliy ta’lim sohasidagi har bir professor-o‘qituvchi o‘z ustida tinmasdan ishlab, shaxsiy rivojlanishga intilishi zarur deb hisoblayman. Bunda nafaqat o‘qituvchilar balki oliy ta’lim muassasalaridagi jamoat tashkilotlari, ta’lim-tarbiyaga mas’ul xodimlar birgalikda harakat qilishi ko‘zlagan marraga og‘ishmasdan yetib borishga imkoniyat yaratadi.
Allanazarov Sirojbek Bekchan o‘g‘li
Urganch davlat pedagogika instituti o‘qituvchisi, institut yoshlar yetakchisi,
Yuksalish harakati Xorazm viloyati xududiy bo‘linmasi a'zosi.