Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash eng oliy saodat!
Qo‘shko‘pir tumani G‘ozavot qishlog‘ida joylashgan chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda ona Vatanga mehr-muhabbat tuyg‘usini mustahkamlash maqsadida "Ochiq eshiklar kuni" tashkil etildi. Ushbu tadbirda tumanning 34- va 53-maktab o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tadbir davomida o‘quvchilarga harbiy hayot, Vatan himoyasi va harbiy xizmatning ahamiyati haqida tushunchalar berildi. Ular harbiy qurol-aslahalar, mudofaa vositalari hamda chegara qo‘shinlarining kundalik faoliyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Harbiy xizmatchilar o‘quvchilarga qurollarni ishlatish qoidalari, ularning texnik xususiyatlari va muhim jihatlari haqida batafsil ma’lumot berishdi.
"Ochiq eshiklar kuni" nafaqat harbiy bilimlarni oshirish, balki yoshlar qalbida yurtga sadoqat, fidoyilik va jasorat tuyg‘ularini shakllantirishga xizmat qiladi. Chegarachilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat ularni haqiqiy vatanparvarlikning mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirdi desak xato bo‘lmaydi.
Tadbir yakunida o‘quvchilar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, harbiy xizmatga bo‘lgan qiziqishlarini bildirdilar. Bu kabi uchrashuvlar yoshlarga Vatan himoyasi mas’uliyatini chuqur anglashga, kelajakda mard va jasur harbiy bo‘lib yetishishlariga turtki bo‘lishiga shubha yo‘q.
Qo‘shko‘pir tumani hokimligi matbuot xizmati